2015-yilning 9 oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda salkam 800 ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, qiymati 6 milliard so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Jumladan, boshqarmaning “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi “K.A.” korxonasi (maqolada tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari nomlari o‘zgartirilgan) tomonidan Xitoydan keltirilgan “Oshxona anjomlari” tovarlari unga tegishli yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlari hamda bojxona yuk deklaratsiyasi asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida 114,5 million so‘mdan ortiq qiymatdagi salkam 30 turdagi tovarlar bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagani aniqlandi.
Shuningdek, mazkur bojxona postida “A.A.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MChJ) nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona yuk deklaratsiyasida qayd etilmagan qiymati salkam 136,4 million so‘mlik turli xo‘jalik mollari tegishli hujjatlarsiz olib kirilganligi fosh qilindi.
“Arq-buloq” TIF bojxona posti xodimlari “N.M.C.” MChJ tomonidan tovarlarni noqonuiy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarni fosh qildi. Mazkur korxona nomiga keltirilgan yuklar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, qiymati 250 million so‘mlik salkam 50 turdagi “Avtomobil ehtiyot qismlari” bojxona yuk deklaratsiyasidan “tushib” qolganligi aniqlandi.
“Chuqursoy” TIF bojxona posti xodimlari Toshkentdagi “Q.G.L.” MChJ tomonidan keltirilgan yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona yuk deklaratsiyasida qayd qilingan kimyoviy moddalardan tashqari tegishli hujjatlari bo‘lmagan qiymati 75 million so‘mlik 62 turdagi turli xalq iste’moli tovarlariga ham duch keldi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga binoan bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash, ya’ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo‘lgan, belgilangan yozma, og‘zaki yoki boshqa shakldagi ma’lumotlarni bermaslik yoxud noto‘g‘ri ma’lumotlar berish, agar jinoyat alomatlari bo‘lmasa, fuqarolarga tovarlarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.