9-noyabr kuni O‘zbekistonga Rossiyaning “NTV” federal telekanalida namoyish etiladigan “Poyedem, poyedim!” (“Boramiz, tanovvul qilamiz”) mashhur pazandalik ko‘rsatuvining tasvirga olish guruhi yetib keldi. Guruhni taniqli boshlovchi, oshpazlik san’atining bilimdoni Jon Uorren boshqarib boradi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar beradi.
Mazkur ko‘rsatuvning O‘zbekistonga bag‘ishlangan navbatdagi sonini Samarqand va Buxoro shaharlarida tasvirga olish rejalashtirilgan. Ijodkorlarning so‘zlariga ko‘ra, “Poyedem, poyedim!” ko‘rsatuvi orqali tomoshabinlar nafaqat turli o‘zbek milliy taomlarini tayyorlashni o‘rganishi, balki Sharqning ikki durdona shaharlari misolida boy tarixiy voqealar, o‘zbek xalqining noyob urf-odatlari va an’analari bilan yaqindan tanishishi mumkin bo‘ladi.
Rossiya tasvirga olish guruhining O‘zbekistonga safari “Mega-info-tur” Davlat dasturi doirasida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Uni o‘tkazishdan maqsad dunyo hamjamiyatini respublikaning jozibali tarixiy-madaniy obyektlari va turli sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iboratdir.
Tasvirga olish ishlari 13-noyabrga qadar davom etadi.
Izoh (0)