Mayamida AQSh prezidentligiga nomzod milliarder Donald Trampning nutqi vaqtida uning tarafdorlari lotin amerikalik talabalar bilan nizolashdi. Bu haqda Business Insider xabar bermoqda.
Tramp nutq o‘qiayotgan vaqtda Florida xalqaro universitetining sakkiz nafar talabasi “tenglik” deb yozilgan lavhalarni ko‘tarib chiqqan, milliarderning tarafdorlari esa ularga tashlanib, lavhalarni tortib olgan va yirtib tashlagan.
Trampning tarafdorlaridan biri lavha ko‘targan namoyishchi Ariel Roxasga tashlanib, uni chiqish joyiga sudray boshlagan, yarim yo‘lda uni yerga yiqitib, tepgan.
Trampning saylovoldi shtabi mazkur holatga milliarderning xavfsizlik xizmati xodimlari ham, uning qo‘l ostidagi boshqa odamlar ham aloqador emasligi haqida bayonot berib chiqdi.
Shunga qaramay, The Hill nashrining xabar berishicha, Trampning qo‘riqchilari boshqa bir guruh namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatgan. Milliarder minbardan turib: “Ularni ko‘chaga chiqarib tashlashingiz mumkin, faqat zarar yetkazmang”, — degan.
Uchrashuvga yig‘ilganlarning barchasini Tramp sabr kosasi to‘layotgani haqida ogohlantirgan. “Kelasi safar men yanada qat’iyroq bo‘laman, shundan so‘ng zaldan haydab solaman”, — deya qo‘shimcha qildi milliarder.
Donald Tramp AQShdagi eng yirik qurilish kompaniyasi, shuningdek, xalqaro mehmonxonalar va kazinolar tarmog‘i egasi hisoblanadi. 2015-yilning iyun oyida u AQSh prezidentligi uchun kurashishini ma’lum qildi. Tramp muhojirlarga nisbatan salbiy munosabati bilan tanilgan.
Xususan, u meksikalik bir qator muhojirlarni jinoyatchi va zo‘ravon deb atagan edi. Keyinchalik u AQShni Meksikadan kelgan jinoyatchilar uchun mo‘ljallangan “axlatxona”ga qiyoslagan, shuningdek, farzandi AQShda tug‘ilgan barcha noqonuniy muhojirlarni bolalari bilan qo‘shib mamlakatdan haydashga chaqirgandi.
Izoh (0)