“Lokomotiv” futbol klubi rahbariyati hamda ta’sischilar tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘z lavozimidan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. Bu haqda klub rasmiy saytida xabar berilgan.
Oliy liganing 25-turida Qo‘qonga safar qilgan “Lokomotiv” oliy liga debyutanti bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab qaytdi. Bu o‘yinda “temiryo‘lchilar” 2:0 hisobida oldinda borayotgandi, biroq bahs tugashiga 20 daqiqadan sal ko‘proq vaqt qolganida darvozadan ikkita gol o‘tkazib yubordi va “Lokomotiv”ning chempionlik uchun imkoniyatlari yana pasaydi. Qolaversa, asosiy raqobatchi — “Paxtakor” g‘alaba qozondi.
Shunday bo‘lsa-da, Vadim Abramovga klub nomidan minnatdorchilik bildirilgan. “Lokomotiv” uning qo‘l ostida O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi. OChLda “Al Sadd” ustidan Toshkentda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Bunyodkor” Oliy liganing har ikki uchrashuvida mag‘lub etildi va bu voqea klub tarixida ilk bor ro‘y berdi.
Vadim Abramov bilan birgalikda jamoani yordamchi murabbiy Marat Miftaxutdinov ham tark etdi. Endilikda mavsumning qolgan besh o‘yini uchun Andrey Miklyayev va Mirko Yelechich klub natijalariga javob beradi.
Izoh (0)