Rossiya prezidenti Vladimir Putin 7-oktabr, tavallud kunida Sochidagi “Shayba” muz saroyida Tungi xokkey ligasi (TXL) yangi mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan gala-o‘yinda ishtirok etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Putin muz maydoniga uning uchun an’anaviy bo‘lib qolgan 11-raqam ostida chiqdi. U Vyacheslav Fetisov, Aleksey Kasatonov, Pavel Bure, Valeriy Kamenskiy, Aleksandr Mogilniy, Aleksey Jamnov, Sergey Makarov, taniqli murabbiy, liga prezidenti Aleksandr Yakushev kabi afsonaviy sportchilardan iborat “TXL yulduzlari” jamoasi tarkibida ishtirok etdi. “Yulduzlar”ga Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov, Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev, Boris va Arkadiy Rotenberg, Gennadiy Timchenko kabi hokimiyat tizimlari hamda biznes vakillaridan tuzilgan “TXL terma jamoasi” qarshi chiqdi.
Muz saroyi tomoshabinlar bilan deyarli to‘ldi. Ulardan biri Rossiya prezidentini 63 yoshga to‘lganini qutlash maqsadida “Tug‘ilgan kuningiz bilan, janob Putin!” so‘zlari yozilgan plakatni (negadir ingliz tilida) ko‘tarib olgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, TXL Putin tashabbusi bilan o‘z faoliyatini boshlagan. Liga asosiy ishidan bo‘sh paytlarida, ko‘pincha kechki payt (nomlanishi ham shundan kelib chiqqan) o‘yin uchun vaqt ajratadigan xokkey ishqibozlarini birlashtirgan. Liganing birinchi gala-o‘yini 2012-yil 7-may kuni, Putinning Kremldagi prezidentlik inauguratsiyasidan so‘ng bo‘lib o‘tgandi.
Izoh (0)