Turkiya bosh vaziri Ahmed Davuto‘g‘lining qarorgohida to‘plangan Turkiya Xavfsizlik kengashi mamlakat havo bo‘shlig‘iga yorib kirgan Rossiya samolyotlari bilan bog‘liq hodisalarni muhokama qildi. Bu haqda Turkiya hukumati rasmiy saytiga joylashtirilgan bayonotda so‘z boradi.
Xabarda qayd etilishicha, “uchrashuvda Suriyada yuz berayotgan hodisalar va Suriya—Turkiya chegarasidagi chegara buzish holatlari”, shuningdek, keyingi shunday hodisalar vaqtida aybdorlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan choralar batafsil muhokama qilingan. Ta’kidlanishicha, NATO Turkiya bilan hamfikr ekanligini bildirgan.
6-oktabr kuni Turkiya tashqi ishlar vazirligi vakili Rossiya harbiy samolyoti so‘nggi uch kun ichida ikkinchi marta Turkiya havo bo‘shlig‘iga buzib kirganini ma’lum qildi. Turkiya Mudofaa vazirligi Turkiya qiruvchi samolyotlari qaysi davlatga tegishli ekanligi aniq bo‘lmagan MiG-29 samolyotini nishonga olgani haqida axborot berdi.
Suriyaga joylashtirilgan Rossiya aviaguruhi tarkibida MiG-29 samolyotlari yo‘q. Bunday qiruvchi samolyotlar Suriya va Eron harbiy-havo kuchlari ixtiyorida mavjud. Havo chegaralarining buzilishi bilan bog‘liq yana bir hodisa 3-oktabr kuni yuz bergandi. O‘shanda Rossiyaning Su-30 samolyoti bir necha soniya davomida Turkiya havo bo‘shlig‘ida parvoz qilgan.
Izoh (0)