O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov “Paxtakor” futbol klubi rahbarlari o‘rnida bo‘lganida, o‘z ixtiyoriga ko‘ra futboldan ketgan bo‘lardi. U bu haqda 2-oktabr kuni O‘FFda O‘zbekiston terma jamoalari murabbiylari, Oliy Liga klublarining murabbiylari va rahbarlari, Federatsiya va Professional futbol ligasining mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, O‘FF Ijroiya qo‘mitasi 25-sentabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasi doirasidagi “Paxtakor” — “Metallurg” (3:2) uchrashuvining so‘nggi daqiqalarini sport prinsiplari va etikasiga zid topib, “Metallurg” bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovni 2015-yil mavsum oxiriga qadar murabbiylik litsenziyasidan mahrum qildi.
“Men jamoatchilik fikrini o‘rganib chiqar ekanman, muxlis va jurnalistlarning o‘rinli savollariga duch kelyapman: nega faqat bir tomon jazoga tortildi? Gap shundaki, ushbu masalani o‘rganish asnosida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha ekspertlar kengashi raisi Ahrol Inoyatov “Paxtakor” klubi bo‘yicha hech qanday hujjat yoki isbot topa olmadi. Bilamiz, “Paxtakor” xalq jamoasi, lekin mavsum yakunlari bo‘yicha “Paxtakor”, chempion bo‘ladimi, kumush yoki bronza medallarini oladimi, qanday o‘rinni olishidan qat’i nazar, bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin jamoa a’zolari bu medallarni qanday taqib yurisharkin? ”, — dedi Mirabror Usmonov.
“Biz “Paxtakor”ni mana shu tomonlari uchun yoshlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz kerakmidi? Shumi xalq jamoasi? Bu ishlarning boshida kim turibdi? Umuman, “Paxtakor” jamoasi rahbarlari ham ko‘chaga chiqishga uyalarmikin? Men bunday sharmandalikni ko‘tarolmagan bo‘lardim. Bilmadim, qanday bosh ko‘tarib yurishibdi. Ularning o‘rnida bo‘lganimda o‘z ixtiyorimga ko‘ra, yaxshilikcha futboldan ketardim”, — dedi Usmonov.
“Endi “Paxtakor” nega jazolanmadi?” degan savollarga javob berib o‘tsam: yil yakunlariga ko‘ra “Paxtakor” shunday jazolanadiki, futbol ishqibozlarini qing‘ir o‘yinlar bilan aldash uyoqda tursin, bu haqda hayoliga ham keltirganlar ham tavba qiladi. “Umuman kim deb o‘ylayapti o‘zini bu “Paxtakor” rahbarlari? “Metallurg” bilan mojaro sovib ulgurmay, bosh murabbiy No‘mon Hasanovning Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘yinda o‘zini qanday tutganini nima bilan izohlash mumkin?” – deya qo‘shimcha qildi Mirabror Usmonov.
Izoh (0)