Apple kompaniyasi 9-sentabr kuni uzoq kutilgan taqdimotini o‘tkazdi va unda yangi iPhone 6s va iPhone 6s Plus, iPad Pro plansheti, Apple TV pristavkasi hamda Apple Watch uchun yangi tasmalarni namoyish etdi, deya xabar bermoqda “Hi-tech.mail.ru”.
Taqdimot Apple Watch “aqlli” soati bilan boshlandi. Ma’lum qilinishicha, foydalanuvchilarning soatdan qoniqish darajasi 97 foizni tashkil etadi. Qurilma uchun 10 mingdan ortiq dasturlar chiqarilgan. Masalan GoPro uchun mo‘ljallangan dastur videoni real vaqtda ekshn-kameradan soatga o‘tkazish imkonini beradi. 16-sentabrda watchOS 2 operatsion tizimi chiqarilgach, bunday dasturlar soni yanada oshadi.
Tadbirda Hermes’ning qo‘lda ishlangan charm bog‘ichlari kolleksiyasi ko‘rsatildi. Ularni oktabrdayoq xarid qilish mumkin bo‘ladi. Soatning modellari qatori ham yangilandi. Apple Watch Sport endi tillarang va pushti tillarang tusda chiqariladi.
Shuningdek, PRODUCT(RED) seriyasidagi soat ham chiqarildi, uni sotishdan tushgan mablag‘ Afrikada OITS bilan kurash boyicha jamg‘armaga o‘tadi.
Izoh (0)