2013-yil iyunidan beri Moskvada yashayotgan AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden Norvegiyaga tashrif buyurishdan bosh tortdi — bu yerda unga Byernstyerne Byernson nomidagi mukofot topshirilishi kerak edi. The Guardian xabariga ko‘ra, sobiq agent AQShga ekstraditsiya qilinishi xavfi borligi sabab, shunday qarorga kelgan.
O‘z navbatida, tadbir tashkilotchilari Rossiya-Norvegiya chegarasida ramziy marosimni o‘tkazish taklifi bilan chiqdi, deya xabar bermoqda The Local. “Bilishimcha, chegarada bevosita ko‘rishish mumkin emas. Bu holatda biz sovrinni chegarada qoldiramiz, Snouden esa Rossiya tarafdan kelib, uni olib ketishi mumkin”, — deya taklif qildi Norvegiya adabiyot va fikr erkinligi akademiyasi prezidenti Xege Nyut Nuri.
Iyul oyida Snoudenning advokati Anatoliy Kucherena maxsus xizmatlarining sobiq xodimiga Norvegiyaga bormaslikni tavsiya qilgandi, chunki Oslo va Vashington o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risida kelishuv bor. “Norvegiya Snoudenning kishilar hayotiga bostirib kirishdek yashirin eshitishga qarshi kurashdagi xizmatlarini yuqori baholagani uchun minnatdorchilik bildiramiz, biroq ular mavjud o‘ziga xosliklarni tushunish bilan qabul qilishlari lozim”, — degandi advokat.
Avvalroq AQSh Davlat departamenti vakili Mari Xarf Norvegiya hukumatiga Snoudenni o‘z mamlakatiga taklif qilishdan tiyilishni tavsiya qilgandi. “Biz istalgan mamlakatga shunday maslahat bergan bo‘lardik. U faqat bir joyga — AQShga yo‘l olishi va o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlar yuzasidan javob berishi kerak”, — dedi Xarf.
Norvegiya adabiyot va fikr erkinligi akademiyasi 2-iyul kuni “AQSh hukumatining odamlarning shaxsiy hayotiga bostirib kirishiga qarshi kurashi uchun” Snoudenni yillik mukofot bilan taqdirlagan edi. Taqdimoti 2004-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Byernstyerne Byernson nomidagi mazkur sovrin bilan birga 100 ming krona miqdorida pul mukofoti ham beriladi.
Izoh (0)