Rossiyaning Kursk viloyatida istiqomat qiluvchi fermer ayol, davlat unga hech qanday yordam bermagani sabab, butun bug‘doy hosilini yoqib yuborish bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga tahdid qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Fermer ayolning videomurojaatida qayd etilishicha, unga “Sberbank” va “Rosselxozbank” kabi davlat banklari kredit berishdan bosh tortgan, keyinroq esa mahalliy davlat organlari ham yordamdan qochgan.
Shunga qaramay, fermer 60 gektar maydonga bug‘doy ekib, undirishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq hosilni yig‘ib olish hamda saqlash uchun mablag‘ qolmagan.
“Bu dalani yoqib yuborishga qaror qildik, chunki boshqa chora qolmadi. Olibsotarlarga arzimagan pulga sotib yuborishdan ma’no ko‘rmayapman. Bu ishni jurnalistlarni taklif qilib, ommaviy tarzda amalga oshiraman”, — dedi fermer.
“Toki, o‘z hayotini fermer xo‘jaligi bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan boshqa odamlar ham ko‘rib qo‘ysin: ularning harakati aslida ham shunga arziydimi? Prezident tasdiqlagan dasturlar Kursk viloyatida qanday bajarilayotganini boshqalar ham ko‘rsin”, — deya qo‘shimcha qildi ayol.
Izoh (0)