Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining ustav kapitalidan 8 foizlik ulushni o‘zlashtirish bo‘yicha “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” Axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu kelishuv Isuzu Motors va “O‘zavtosanoat” AK o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro foydali hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi. Tashrif davomida tomonlar Samarqand avtomobil zavodini kelgusida uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, modellar qatorini kengaytirish va yangilash, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, hamda sohaga ilg‘or yapon texnologiyalarini va ishlab chiqarish jarayonini tatbiq qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Isuzu Motors va “O‘zavtosanoat” AK hamkorligi 2007-yilda boshlangan edi. Siqilgan tabiiy gazda harakatlanadigan yuk avtomobillarining yangi modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu hamkorlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Isuzu Motors kompaniyasi 2007-yildan buyon Samarqand avtomobil zavodining texnologik hamkori hisoblanib, zavodda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, o‘rta og‘irlikdagi yuk avtomobillari va boshqa tijoriy texnikalarga shassi va dvigatellar yetkazib beradi.
Izoh (0)