No‘mon Hasanov 7-iyuldan boshlab “Paxtakor”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bungacha ushbu mutaxassis klubning murabbiylar shtabida ishlab kelayotgandi, deb xabar beradi “Paxtakor” rasmiy sayti.
Hasanov futbolchilik faoliyatida 4 karra O‘zbekiston chempioni va 2 marta O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylangan. O‘zbekiston terma jamoasida 23 uchrashuvda 4 to‘p kiritgan.
Futbolchilikni tamomlagach, u faoliyatini murabbiy sifatida davom ettirishga qaror qildi. 2012-yil “Paxtakor”ning birinchi ligadagi jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan Hasanov o‘sha yilning yozida yoshlar tarkibi ustozligini qo‘lga oldi va yakunda jamoani mamlakat chempioniga aylantirdi. Keyin esa asosiy tarkib murabbiylar shtabiga jalb etilib, o‘tgan yili chempionlik qo‘lga kiritilishida hissa qo‘shdi. Samvel Babayan milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishga kirishgani bois, endi No‘mon Hasanov “Paxtakor”ni boshqaradigan bo‘ldi. Hozircha u bu lavozimda vaqtinchalik faoliyat yuritadi.