Qohirada Misr bosh prokurori Hishom Barakatning avtomobili portlatilishi oqibatida Barakat og‘ir jarohatlar olib, shifoxonada vafot etdi, deb xabar bermoqda “News.tj”. Yana 9 kishi jarohat olgan bo‘lib, ularning orasida bosh prokuror tansoqchilarining ikki nafari, jumladan qo‘riqchilar rahbari ham bor.
Avvalroq Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Husam Abdulg‘affor bosh prokurorning jarohatlari jiddiy emasligini ma’lum qilgan edi. Portlash ertalab Barakot tashrif buyurgan harbiy akademiya devorlari oldida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bomba avtomobil yaqiniga qo‘yilib, masofadan turib boshqarilgan. Terakt uchun javobgarlikni “Giza xalq qarshiligi” harakati o‘z bo‘yniga olgan.
Qayd etilishicha, Barakat ancha jiddiy jinoyat ishlarini olib borgan. 16-iyun kuni o‘lim jazosiga mahkum qilingan sobiq prezident Muhammad Mursiy ishtirokidagi qamoqdan qochish ishi, Port-Said stadionida 70 kishining o‘limiga olib kelgan hodisalar shular jumlasidandir.
Izoh (0)