Janubiy Koreyada MERS koronavirusi bilan kasallanib vafot etganlar soni to‘qqiz kishiga yetdi, deb xabar beradi “Interfaks” ma’lumotlariga tayanib “Knews.kg”. Ushbu virusni yana 13 kishi yuqtirib olgani aniqlandi, shu tariqa kasallanganlarning umumiy soni 108 kishiga yetdi.
Hukumat tomonidan virus tarqalishining oldini olish maqsadida tezkor choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 1,9 ming o‘quv muassasalari va bog‘chalar yopib qo‘yildi, yuzlab ommaviy tadbirlar bekor qilindi, aniqlangan virus tashuvchilar bilan aloqada bo‘lganlar hozirda karantinda saqlanmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga qaraganda, Saudiya Arabistonidan tarqala boshlagan ushbu xavfli virusni yuqtirib olganlar soni dunyo bo‘yicha 1224 kishiga yetdi, kasallanganlarning 446 nafari vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe MERS koronavirusi bilan kasallanish avj olgani sababli o‘zining AQShga rejalashtirgan tashrifini bekor qildi.
Izoh (0)