Checheniston rahbari Ramzan Qodirov WhatsApp messenjerida 17 yoshli Luiza Goylabiyeva va 47 yoshli militsiya boshlig‘i Najud Guchigovning to‘yi ustidan kulgan respublika fuqarolarini bir joyga to‘pladi va koyib berdi. Bu jarayon Grozniy telekanali efirida ko‘rsatildi, videolavha keyinroq YouTube’ga joylandi.
“Siz odamlarga azob beryapsiz. Sizni shunday muhokama qilishsa, sizga yoqarmidi?” — dedi Qodirov Guchigov ishtirokida o‘tgan uchrashuvda.
Qodirov chechenistonlik uy bekalariga WhatsApp’da gaplashib o‘tirish o‘rniga, bolalarga qarashni maslahat berdi. “Chechen bo‘ling, bolalaringiz haqida o‘ylang. WhatsApp’da yozishmang. Erkaklar, ayollarni guruhlardan chiqib ketishga majbur qiling”, — deya ta’kidladi u.
Eslatib o‘tamiz, Guchigov va Goylabiyevaning nikohi 16-may kuni Grozniy nikoh saroyida qayd etilgan edi. Tadbirga Qodirovning o‘zi tashrif buyurib, uni “mingyillik to‘yi” deb atagan va lezginka raqsiga tushgan edi.
Izoh (0)