Fransiyada dunyo bo‘yicha ikkinchi bo‘lib sun’iy yurak qo‘ydirgan erkak olamdan o‘tdi, deb xabar beradi “Segodnya.ua”.
Bu hodisa operatsiyadan 9 oy o‘tib sodir bo‘ldi. 69 yoshli erkak 1-may kuni yetarli darajada qon aylanmasligi tufayli kasalxonaga olib kelindi. 2-may kuni shifokorlar uning sun’iy yuragini almashtirdi, ammo o‘sha kuni tunda bemor vafot etdi.
Carmat kompaniyasi kelajakda tabiiy yurakni sun’iysiga almashtirishga rozi bo‘lgan boshqa bemorlarning hayotini xavfdan xoli etish maqsadida o‘lim sabablarini o‘rganishini ma’lum qildi.
Ilk bor Carmat yuraklarini o‘rnatish operatsiyasi 2013-yilning 18-dekabrida bo‘lib o‘tgandi. 76 yoshli erkak operatsiyadan so‘ng 75 kun yashadi. 2015-yilning aprelida sun’iy yurakni ko‘chirib o‘tkazishning uchinchi operatsiyasi ham muvaffaqiyatli o‘tgani xabar qilindi.
Ishlab chiqaruvchilar sun’iy yurak qo‘yilgan odam donor topilguncha, 5 yil davomida normal hayot tarzini kechirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.