Nargiz Zokirova Instagram sahifasida o‘z hamyurtlariga nisbatan qizishib ketganini tan oldi, deya xabar bermoqda “Super.ru”. Xonanda nashrga intervyu berib aniqlik kiritishicha, uning g‘azabi faqat uni haqoratlaganlarga qaratilgan. Nargiz hali-hamon o‘z vatani sifatida O‘zbekistonni e’tirof etadi.
“Suratlarimga turli iflos gaplar yozishganida chidab, indamay turishim mumkin, chunki mening qiyofam ko‘pchilik hamyurtlarim uchun tushunarsiz ekanligini anglayman… Biroq nabiramning rasmini joylaganimda ham ular yomon ma’nodagi izohlar qoldirishdi. Kecha kun bo‘yi yig‘ladim. Ularni o‘qish qanchalik qiyinligini tasavvur ham eta olmaysiz”, — deya o‘z xatti-harakatini izohladi xonanda.
Nargiz vatandoshlariga ushbu postni jahl ustida yozganini bildirmoqchiligini aytdi. “To‘g‘ri, balki men o‘zimga mos bo‘lmagan vaqt va joyda tug‘ilgandirman, balki hamyurtlarim tushunchasiga mos emasdirman. Lekin qanday qilib o‘zim tug‘ilib-o‘sgan va ota-onam yashayotgan vatanimni yomon ko‘ra olaman? Shu millat sharofati bilan dunyoga keldim. Biroq ko‘plab hamyurtlarim meni ulardek bo‘lmaganim uchungina umr bo‘yi yomon ko‘rib kelgani menga juda alam qiladi. Axir shu tufayli men o‘z vatanimni tark etishimga to‘g‘ri kelgan”, — deya hislarini to‘kib soldi u.
“Bu haqiqatan mening vatanim, mening ajdodlarim, men o‘zbekligimdan faxrlanaman. Meni noto‘g‘ri tushungan kishilardan uzr so‘rayman, bu butun O‘zbekistonga qaratilmagan edi”, — deya gaplariga yakun yasadi Nargiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nargiz Zokirova Instagram sahifasida tanqidli izohlar qoldirgan o‘zbekistonlik foydalanuvchilarga qarata javob yozgan va uni asli o‘zbekistonlik deb atamasliklarini talab qilgan edi.
Izoh (0)