Avval xabar berilganidek, 2015-yilning 25-aprelidan 26-aprelga o‘tar kechasi Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li, 51-uy manzili bo‘yicha joylashgan “Jo‘rabek” masjidi yonidan o‘tgan elektr simi ustiga kuchli bo‘ron vaqtida daraxt shoxlarining sinib, masjid binosining tomiga qulashi oqibatida qisqa tutashuv yuzaga kelgan hamda masjidning asosiy binosining tom qismida yong‘in boshlangan.
Tezkor yetib kelgan yong‘in o‘chirish bo‘linmalari, shuningdek, masjid xodimlari va mahalla fuqarolari birgalikda yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan. Biroq, kuchli shamol yong‘in hajmini kengaytirib yuborgan. Oqibatda masjidning asosiy qismi joylashgan bino yonib ketgan. Yong‘indan ma’muriy xonalar joylashgan kichik bino va tahoratxonani saqlab qolishga erishilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Toshkent shahri vakilligi hamkorlikda masjid hududida yong‘in oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqdalar. Yaqin kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi boshchiligida va homiylarni jalb etgan holda masjidni qayta tiklash choralari ko‘riladi.
Izoh (0)