AQShning Merilend shtatidagi Baltimor shahrida qo‘lga olingan qora tanli erkakning o‘limidan keyin kelib chiqqan norozilik tufayli politsiya va mahalliy aholi o‘rtasida yana to‘qnashuvlar boshlandi. Shu sababli Merilend gubernatori Lari Xogan shtat hududida favqulodda holat joriy qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Xoganning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Milliy gvardiyasi jangovar shaylik holatida turibdi va istalgan vaqtda politsiyaga yordam berish uchun chaqirilishi mumkin.
Tartibsizliklar Baltimordagi savdo markazi yaqinida boshlangan. Xabarda aytilishicha, bir guruh yoshlar politsiyachilarga tosh va shisha idish otishni boshlagan. Bir nechta mashinalar yoqib yuborilgan, do‘konlarni esa tunab ketishgan.
12-aprelda 4 nafar politsiyachi qora tanli Freddi Greyni qo‘lga olgandi. Politsiyachilar uni qo‘lga olganidan keyin yordam kuchi yetib kelguncha, qora tanli kishini yotgan holda ushlab turgan. Politsiya bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olish vaqtida unga ziyon yetmagan.
Grey jinoyat xavfi yuqori bo‘lgan tumanda “jinoiy ishlarda bevosita qatnashgan yoki aloqador bo‘lgan”likda gumon qilinib hibsga olingandi. U qo‘lga olinganidan so‘ng umurtqasidan operatsiya qilindi va komaga tushib qolib, 19-aprelda hayotdan ko‘z yumdi.
Shundan so‘ng Baltimorda yuzaga kelgan tartibsizliklar oqibatida 34 kishi qo‘lga olingan. Yangi to‘qnashuvdan keyin bir nechta politsiyachilar ham jabrlangani xabar qilinmoqda.
Izoh (0)