Oilasi AQShga 10 yil oldin Nigeriyadan ko‘chib kelgan o‘smir Garold Eki AQShdagi eng nufuzli universitetlarning sakkiztasiga o‘qishga kirdi, deya xabar bermoqda The Daily Mail. 18 yoshli yigit hujjatlarini topshirgan 13 ta o‘quv yurtining barchasiga qabul qilingan (ularning orasida mamlakatning 8 ta eng obro‘li OTMlari ham bor).
Eki 2005-yil 8 yoshida ota-onasi bilan Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan. Yigitning aytishicha, u ota-onasiga yordam berish va ularning ishonchini oqlash uchun yaxshi o‘qigan.
Eki kelajakda neyroxirurg bo‘lishni va Alsgeymer xastaligi bilan og‘rigan buvisini davolash uchun dori yaratishni rejalashtirayotganini aytgan. Eki hozircha birorta o‘quv yurtini tanlamagan, biroq Yel universitetiga xohish bildirayotganligini ma‘lum qilgan.
Garold maktab gazetasida muharrir sifatida ishlagan. Uning aytishicha, berilgan har qanday imkoniyatdan foydalanishga doimo harakat qilgan. “Ko‘chib kelganimizda men ingliz tilida juda yomon gapirardim, lekin xatoimni to‘g‘rilash uchun barcha imkoniyatimni ishga soldim”, – deydi Eki. Yigitcha maktabda AQSh tarixi u uchun eng qiyin fan bo‘lganini esga oldi.
Garoldning to‘rt ukasi bor. Ekining so‘zlariga ko‘ra ukalari uning universitetga kirish rekordini yangilashga tayyorlanmoqda.
AQShning “Chirmovuqlar ligasi” assotsiatsiyasiga Kolumbiya, Braun, Garvard, Dartmut, Yel, Kornell, Pensilvaniya hamda Prinston universitetlari kiradi. Ushbu OTMlar har doim mamlakatning 15 ta eng yaxshi o‘quv yurtlari reytingiga kiritiladi.
Izoh (0)