Yaponiyaning Tokio shahridagi “Ajinamoto Stadium”da Yaponiya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘z nihoyasiga yetdi. Unda maydon egalari yirik 5:1 hisobda g‘alaba qozonishdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Dastlabki gol o‘zini uzoq kuttirmadi. Aoyama chamasi 35 metrlardan kuchli zarba yo‘llab, juda chiroyli gol muallifiga aylandi. Goldan keyin futbolchilarimiz bir oz o‘zlariga kelgandek tuyulib, birin-ketin hujumlar uyushtirishdi. Ammo yapon himoyachilari bu hujumlarni osonlik bilan barataf etishdi.
Ikkinchi bo‘limda haqiqiy gollar shousi boshlanib ketdi. Avvaliga, Okazaki 54-daqiqada boshi bilan gol urib, hisobni 2:0ga yetkazdi. Keyin Kavamata Sardor Rashidovning noaniq harakatidan foydalanib, qarshi hujumga o‘tdi va deyarli maydon markazidan Akbar To‘rayevning ustidan to‘pni oshirib gol kiritdi. Mazkur goldan keyin vakillarimiz ham hujumni muvaffaqiyatli yakunlashga erishishdi. Islom To‘xtaxo‘jayev gol muallifi. Oradan ko‘p o‘tmay Usami bir yo‘la uch nafar himoyachimizni aldab o‘tib, To‘rayevni ojiz qoldirdi. Keyin zaxiradan maydonga tushgan Kavamata gol kiritib, uchrashuvda yakuniy hisobni ta’minladi.
Umid qilamizki, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi murabbiylarimiz ushbu o‘yindan tegishli xulosa chiqarib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish ustida ishlashadi.
Yaponiya – O‘zbekiston 5:1
Gollar: Aoyama, 7, Okazaki, 54, Shibasaki, 79, Usami, 83, Kavamata, 88 – Islom To‘xtaxo‘jayev, 81
Yaponiya: Kavashima, Uchida, Morisige, Shoji, Sakai, Aoyama, Konno, Inui, Xonda, Kagava, Okazaki.
O‘zbekiston: Akbar To‘rayev, Shuhrat Muhammadiyev, Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Aleksandr Merzlyakov, Aziz Haydarov, Lutfulla To‘rayev, Sanjar Tursunov, Sardor Rashidov, Vohid Shodiyev, Bahodir Nasimov.
Izoh (0)