“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonanda Lola (Yo‘ldosheva)ning “milliy mentaliletimizga zid” libosda konsertda chiqish qilgani yuzasidan Facebook foydalanuvchilari yo‘llagan shikoyat xatini ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi “Kun.uz”.
Avvalroq, xonanda Lola Rayhon G‘aniyevaning konsertida kiyib chiqqan libosi ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokamalarga sabab bo‘lgan, bir guruh foydalanuvchilar uni qo‘llagan bo‘lsa, boshqalar uni tanqid qilib chiqqandi.
“Ushbu holat yuzasidan xonanda Lola Yo‘ldosheva ‘O‘zbeknavo’ estrada birlashmasiga taklif etilib, Rayhon G‘aniyeva konsertida kiyib chiqqan libosi milliy mentalitetimizga zidligi haqida san’atkorga tushuntirildi va undan tushuntirish xati olindi”, – deyiladi “O‘zbeknavo” javobida.
Tashkilotning javobida qo‘shimcha qilinishicha, Lola “kelgusida bunday holatlar qaytarilmasligiga va’da bergan”.
“Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida barcha xonandalar konsert o‘tkazishdan avval maxsus ekspert guruhi vakillari tomonidan jiddiy ogohlantirilib, sahnaga chiqadigan har bir ishtirokchining libosi-yu, o‘zini tutishigacha muhokama etilib boriladi”, – deyiladi “O‘zbeknavo”ning javobida.
Izoh (0)