Saudiya Arabistoni qirolligining oltinchi qiroli Abdulla ibn Abdul Aziz Al Saud 23-yanvar kuni, juma tongida 91 yoshida bu dunyoni tark etdi. Bu haqda “Kun.uz” xabar qilmoqda.
O‘tgan oyda qirol pnevmoniya xastaligi tufayli poytaxt Ar Riyod shahridagi markaziy shifoxonaga yotqizilgan, shu oy boshida unda “o‘pka infeksiyasi” aniqlangan va uning yashashi uchun o‘pkasiga maxsus trubka orqali havo yuborishga to‘g‘ri kelayotgan edi. Marhum qirol so‘nggi 4 yil davomida sog‘ligidagi muammolar bilan kurashib yashadi. Uning dafn marosimi Makka shahrida emas, Ar Riyodda, bugun peshin mahalida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, ushbu marhum qirol o‘limiga qadar dunyoning eng yoshi ulug‘ hukmdori hisoblanar edi. U saudlar qirolligi asoschisi Abdul-Aziz II ning o‘g‘li edi. Otasi qirol bo‘lgan vaqtda u Makka shahri hokimi bo‘lgan va milliy gvardiyani boshqargan. Shuningdek, bu vazifalari bilan bir vaqtda mamlakatning bosh vaziri ham hisoblangan.
Uning otasi 1982-yilda olamdan o‘tib, taxtga katta o‘g‘il Faxd chiqadi va Abdulla valiahd shahzodaga aylanadi. 2005-yilda Faxd ham vafot etgach, Abdulla rasman qirolga aylanadi, lekin u amalda 1995-yilda akasining sog‘ligi yomonlashganidan buyon qirollikning boshqara boshlaydi.
U o‘zining demokratik qarashlari bilan boshqa qirollardan ajralib turar edi. Aynan uning qarori bilan qirollik xonadoni a’zolari fuqarolarni qatlga buyurish vakolatidan mahrum qilingan edi (Saudiyada qirollik xonadoni a’zolari 7000 nafardan oshadi). Shunigdek, uning davrida qirolning qo‘lini o‘pish majburiyati ham bekor qilingan.
Endilikda, uning bo‘shagan taxtiga 2012-yilning 18-iyunida valiahd shahzoda etib tayinlangan 79 yoshli Salmon ibn Abdul-Aziz Saud chiqadi. Ungacha taxt vorislari bo‘lgan ikki shahzoda ham qiroldan oldin vafot etgani uchun, u uchinchi valiahdaga aylangan edi. U bu vaqtgacha Saudiya Arabistoni Mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan. Uning o‘g‘li shahzoda Sulton esa, harbiy uchuvchi va Saudiyadan fazoga chiqqan ilk arab astronavti hisoblanadi. Yangi qirolning taxt vorisi esa, shahzoda Muqrin bo‘ladi.
Izoh (0)