Mercedes-Benz kompaniyasi Las-Vegasdagi CES 2015 elektronika ko‘rgazmasida F 015 Luxury in Motion (“harakatdagi hashamat”) konsept-karini namoyish etdi. Bu haqda “Motor.ru”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Prototip to‘liq avtonom boshqaruv tizimi va maishiy elektr tarmog‘idan quvvat olish imkoniga ega yonilg‘i bo‘lmachilariga ega dvigatel bilan ta’minlangan.
F 015 Luxury in Motion gabariti uzunligi 5220 millimetr, kengligi 2018 millimetr, balandligi 1524 millimetrga teng. Prototip arxitekturasida karbonplastik, alyuminiy va yuqori sifatli po‘latdan foydalanilgan.
Umumiy kuchi 270 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigateldan ikkita elektromotor o‘rin olgan bo‘lib, ularning har biri uchun energiya vodorod va kislorod o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya natijasida hosil qilinadi. Bundan tashqari, agregatlar litiy-ionli akkumulyatorlar to‘plamidan ham quvvat olishi mumkin. F 015 Luxury in Motion 6,7 soniya ichida soatiga 100 kilometr tezlikka chiqishi mumkin, eng yuqori tezligi esa soatiga 200 kilometrga teng.
Baki yonilg‘i bilan to‘ldirilgan va batareyalari quvvatlantirilgan holatda mashina 1,1 ming kilometr yo‘l bosa oladi — bunda yo‘lning 200 kilometri akkumlyatorlar energiyasi hisobiga bosib o‘tiladi.
Avtomobil maxsus kameralar, lazerlar va ultratovushli sensorlar sharofati bilan, shuningdek, joyning batafsil xaritasi mavjudligi sabab to‘liq elektronika yordamida boshqarilishi mumkin.
Bundan tashqari, konsept-kardagi elektronika yo‘ldagi boshqa avtomobillar, infratuzilma obyektlari va odamlar bilan “muloqotga kirishishi” mumkin. Mercedes-Benz vakillarining so‘zlariga ko‘ra, “inson va avtonom boshqaruvdagi avtomobil o‘rtasida ishonchli aloqalar o‘rnatish” favqulodda muhim ahamiyatga ega.
Masalan, avtomobil qo‘lda boshqarilayotgan vaqtda konsept-karning svetodiod faralari va orqa chiroqlari oq rangda yonadi, avtopilot yoqilganida esa ular ko‘k rangda jilolanadi. Agar prototipning asboblari yo‘lda piyoda borligini aniqlasa, radiator panjarasidagi LED-elementlar qizil rangga kiradi va avtomobil avtomatik tarzda to‘xtaydi.
Ayni vaqtda, tizim avariyaviy holatlardan qochish maqsadida, ortdan yaqinlashib kelayotgan obyekt bilan oraliq masofani hisobga olgan holda tormozlanishning izchilligini nazorat qilib turadi. Oxir-oqibat, avtomobil ovoz karnaychalari orqali yo‘ldan chiqib qolgan piyodadan “yo‘lni bo‘shatishni” so‘raydi.
F 015 Luxury in Motion’da harakat yo‘nalishiga qarshi orqa chiqish eshiklari ham bo‘lib, bu yo‘lovchilarning qulay joylashishi uchun qilingan. Avtomobil avtopilotda harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchilar yuzma-yuz o‘tira olishi uchun mashinaning old o‘rindiqlari 180 darajagacha buriladi.
Insonning mashina tizimi bilan munosabati oltita maxsus monitor orqali amalga oshiriladi. Avtomobilning funksiyalarini barmoq bilan ekranga bosish orqali, shuningdek, qo‘l ishoralari va ko‘z harakati bilan ham boshqarish mumkin.
2014-yilning kuzida Mercedes-Benz kelajakning haydovchisiz yuk mashinasi — Future Truck 2025’ni namoyish etgan edi. “Avtomagistrallardagi inqilob” deb ta’riflangan prototipning sinovlari Magdeburg yaqinidagi trassada, “haqiqiy yo‘l vaziyatlari”da bo‘lib o‘tgandi.
Taxminlarga ko‘ra, avtopilotda harakatlana oladigan va seriyali ishlab chiqariladigan ilk Mersedes S-Class Intelegent Drive bo‘ladi. Uning premyerasi 2015-yil bahoriga mo‘ljallangan.
Izoh (0)