Futbol hakamlari faoliyatiga bag‘ishlangan “Footballrefereeing.blogspot.com” sayti 2014-yildagi hakamlar reytingini tuzib chiqdi. Sayt o‘tkazgan so‘rovnomada 17 mutaxassis ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi 15 nafar hakamdan iborat reytingni taqdim etdi. Ushbu ro‘yxat asosida umumiy reyting shakllantirildi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Blog versiyasiga ko‘ra, gollandiyalik Byorn Kuypers 2014-yilning eng yaxshi hakami deb topildi. 41 yoshli hakam yakunlangan yilda Lissabonda bo‘lib o‘tgan “Real” va “Atletiko” o‘rtasidagi YeChL finalini boshqarib bordi. U JCh—2014ning guruh bosqichida Angliya — Italiya, Shveysariya — Fransiya o‘yinlarini, 1/8 finalda esa Kolumbiya — Urugvay uchrashuvini boshqargan. Gollandiya terma jamoasi so‘nggi bosqichga yetib borgani bois u o‘yinlarni boshqa boshqarmadi. Sayt o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, u 304 ball to‘plagan.
Ikkinchi o‘rin italiyalik Nikola Ritssoliga nasib etdi. Ushbu hakam JCh — 2014 finalini boshqargan edi. Italiyalik hakam YeChLning mas’uliyatli o‘yinlari bilan birga, mundialning to‘rtta o‘yinida ishladi. So‘rovnomada uning hisobida 243 ball yig‘ildi.
Uchinchi o‘rin esa argentinalik Nestor Pitanaga berildi. U JCh — 2014ning uchta o‘yinini boshqarib bordi. So‘rovnomada Pitana hisobida 228 ball to‘plandi.
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov reytingda 83 ball bilan 12-o‘rinni egalladi.
Reytingning kuchli 15 taligi quyidagicha ko‘rinish hosil qildi:
- Byorn Kuypers (Gollandiya) — 304
- Nikola Ritssoli (Italiya) — 243
- Nestor Pitana (Argentina) — 228
- Xovard Uebb (Angliya) — 211
- Junayt Chaqir (Turkiya) — 205
- Yonas Eriksson (Shvetsiya) — 191
- Sandro Richchi (Braziliya) — 181
- Marko Rodriges (Meksika) — 160
- Mark Geyger (AQSh) — 147
- Feliks Brix (Germaniya) — 110
- Bakari Gassama (Gambiya) — 95
- Ravshan Ermatov (O‘zbekiston) — 83
- Karlos Vera (Ekvador) — 80
- Mark Klattenburg (Angliya) — 78
- Benjamin Uilyams (Avstraliya) — 70
Izoh (0)