AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishga imkon beruvchi qonun loyihasini imzoladi, deb xabar bermoqda Meduza. Shunga qaramay, Oq uyda hozircha Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish masalasi ko‘tarilmagani qayd etilgan.
Shuningdek, Obama agar Rossiya zarur choralarni ko‘rsa, AQSh hozirgi sanksiyalarni ham olib tashlashga tayyorligini alohida ta’kidlagan. Obama tomonidan imzolangan qonun Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish, jumladan “Rosoboroneksport” va “Gazprom” kabi kompaniyalarga nisbatan cheklovlar joriy qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ushbu hujjat Ukrainaga AQSh qurollarini yetkazib berish va Ukraina harbiylarini tayyorlashga ham ruxsat beradi. Avvalroq Obama ma’muriyati vakillari qonun bunga imkon bergan bo‘lsa ham, Ukrainaga qurol yetkazib berishga hozirlanilmayotganini ma’lum qilgan edi.