Instagram ijtimoiy tarmog‘ining faol foydalanuvchilari soni oyiga 300 mlndan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Twitter’dan o‘zib ketdi. Bu haqda Instagram bosh direktori Kevin Sistromga asoslanib “Kun.uz” xabar berdi.
“Oxirgi to‘rt yil ichida ikki do‘stning orzusi sifatida boshlangan bu loyiha ulkan global tarmoqqa aylandi. Unda har kuni 70 mln dan ortiq fotosurat va videolavhalar chop etiladi”, – deb xabar beradi Sistrom o‘zining tarmoqdagi rasmiy blogida.
Sistrom shuningdek, yaqin orada Instagram’da mashhur insonlar, sportchilar va brendlar uchun maxsus akkauntlar paydo bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Instagram’ga 2010-yilda asos solingan bo‘lib, fotosuratlar va videolavhalar bilan o‘zaro almashish uchun mo‘ljallangan dasturdir. Ushbu kompaniya 2013-yilning sentyabr oyida uning faol foydalanuvchilari soni oyiga 150 mlnni, 2014-yilning martida esa 200 mlnni tashkil qilayotgani haqida axborot bergan edi.
Twitter’ga 2006-yilda asos solingan, u qisqa xabarlar bilan o‘zaro almashinish uchun mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoqdir. Hozirda uning faol foydalanuvchilari soni oyiga 284 mlnni tashkil etmoqda.