O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy xo‘jalik sudining sudyalari, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ul xodimlari, nazorat organlari vakillari, huquqshunos olimlar, videkonferensaloqa tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar xo‘jalik sudlari sudyalari va xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisi K. Komilov boshqargan yig‘ilishda Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston sud-huquq tizimini demokratlashtirish, sud hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, Fuqarolik kodeksi normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash yuzasidan xo‘jalik sudlariga aniq tushuntirishlar berish hamda bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qaror loyihasi tayyorlandi va majlisda muhokama etildi.
Shuningdek, majlisda “Xo‘jalik sudlari tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlisini o‘tkazishda Xo‘jalik protsessual kodeksi normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.
Plenum qarori loyihasi xo‘jalik sudi majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishda sudlar tomonidan Xo‘jalik protsessual kodeksida belgilangan qoidalarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning o‘z protsessual huquqlaridan to‘liq foydalanishini ta’minlash yuzasidan batafsil tushuntirishlarni o‘z ichiga olgan.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.