2014-yil 4—16-noyabr kunlari Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 2016-yil Rio-de-Janeyrodagi yozgi olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma-litsenziyalar beriladigan ushbu muhim musobaqada O‘zbekiston sharafini 11 nafar og‘ir atletikachi himoya qildi, deb xabar beradi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi huquqshunosi.
“Olamsport” ma’lum qilganidek, mazkur jahon chempionatida 105 kilogramm vazn toifasidagi atletlarning dast ko‘tarish musobaqasi hozirgina yakuniga yetdi.
Amaldagi jahon chempioni o‘zbekistonlik Ruslan Nuriddinov dast ko‘tarishda 193 kilogramm natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. G‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan hisoblangan qozog‘istonlik Ilya Ilyin 190 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, bronza medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medal xitoylik Yan Chjega nasib etdi. U 191 kilogramm tosh ko‘tardi.
Siltab ko‘tarish musobaqasida esa 3-urinishda 239 kilogramm vaznni ko‘targan Ruslan jahon rekordini yangiladi. Ammo Ruslanning rekordi uzoq vaqt saqlanib turmadi. 240 kilogrammga buyurtma bergan David Bedjanyan bu vaznni qiyinchilik bilan zabt etdi va jahon rekordini yana yangiladi. Biroq musobaqaning rekordli natijalari bu bilan yakunlanmay, Qozog‘iston sportchisi Ilya Ilyin 242 kilogramm vaznni ko‘tarib jahon rekordini uchinchi bor yangiladi. Shu tariqa juda qiziq kechgan musobaqada jahon rekordi ketma-ket uch marotaba yangilandi.
Shu tariqa, Ruslan Nuriddinov dast ko‘tarish mashqlarida 193 kilogramm vaznni ko‘tarib 1-o‘rinni, siltab ko‘tarish mashqlarida 239 kilogramm vaznni ko‘tarib 3-o‘rinni, ikki kurash natijalariga ko‘ra, 432 kilogramm vaznni zabt etib, musobaqa mezboni Ilya Ilyindan vazni 450 gramm og‘irligi hisobiga 2-o‘rinni zabt etdi. Ushbu nufuzli musobaqadan Ruslan oltin, kumush va bronza medallari bilan qaytadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 12-noyabr kuni 85 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Ulug‘bek Alimov siltab ko‘tarish mashqlarida 213 kilogramm vaznni ko‘tarib kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)