O‘zbekistonda 2014-yil 1-dekabrdan ish boshlashi rejalashtirilgan UMS mobil operatori bilan Farg‘ona viloyatida dilerlik shartnomalarini tuzish bo‘yicha murojaatlar Ucell aloqa operatori raqamlarida qabul qilinmoqda. Bu haqda Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zolari xabar bergan.
Guruh foydalanuvchilaridan biri sobiq “MTS-O‘zbekiston” kompaniyasining Farg‘ona viloyatidagi bosh ofisi oldida tegishli e’lon osilgani aks etgan suratni joylashtirgan. Foydalanuvchining aniqlik kiritishicha, bu sobiq “MTS-O‘zbekiston”ning Farg‘ona shahridagi asosiy ofisi bo‘lgan.
E’londa murojaat uchun telefon raqami Ucell aloqa operatoriga tegishli ekanligi ko‘rinib turadi (+998 93 kodi bilan boshlangan). Bu UMS kompaniyasining rasmiy vakili ekanligi yoki emasligi to‘g‘risida ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, MTS kompaniyasi iyul oyi oxirida O‘zbekiston hukumati bilan murosa bitimi imzolagan va O‘zbekistonda yangi qo‘shma korxona — Universal Mobile Systems tashkil etib, korxonaning 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi esa O‘zbekiston hukumatiga tegishli bo‘lishi haqida kelishilgan. Yangi operatorning tijoriy faoliyati 2014-yil 1-dekabrdan boshlanishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)