Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi 160 ta chorrahaga videokameralar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Podrobno.uz Chilonzor tumani hokimi o‘rinbosari Sayfulla Ahmedovga tayanib xabar berishicha, shularning 17 tasi ushbu tumanda joylashgan. Chorrahalarning 8 tasida dastlabki ishlar amalga oshirilib bo‘lingan va yaqin orada videokameralar o‘rnatiladi.
Sayfulla Ahmedovning ta’kidlashicha, shaharda yo‘l harakatini kuzatish uchun mo‘ljallangan kameralardan tashqari, maishiy maqsadlarda ham kameralar o‘rnatish hollari ko‘p uchramoqda. 2012-yildagi nizomga muvofiq hokimiyat bino old qismiga kamera o‘rnatilmagan obyektlar qurilishiga ruxsat bermaslik huquqiga ega.
Bundan tashqari ko‘p xonadonli uylarda istiqomat qiluvchilar ham uy tashqarisiga yoki zina maydoniga bunday kameralarni o‘rnatmoqda. Hokim o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, bu tartibbuzarlarni aniqlashda qo‘l kelmoqda.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi bir necha oy ichida Toshkentdagi chorrahalarga kuzatuv tizimini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Kameralar va dispetcherlik markazi o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun “O‘zbektelekom” AK aloqa liniyalarini o‘tkazmoqda.
O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligining kompyuterlashgan tizimini Shveysariyaning AGT International korporatsiyasi joriy qilmoqda.
Kameralarni avval Toshkentda, so‘ng Samarqandda, undan keyin esa butun respublika bo‘ylab o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Dastlab Toshkentdagi 120 ta chorrahaga kameralar o‘rnatish va buning uchun 1200 ta kamera sotib olish ko‘zda tutilgan edi. Yakunda kamera bilan jihozlanadigan chorrahalar soni 160 tagacha ko‘paytirgani xabar qilindi.
Izoh (0)