G‘arbiy Afrikada joylashgan Burkina-Faso prezidenti Blez Kompaore (Blaise Compaore)ning vakolat muddati uzaytirilishiga qarshi chiqqan yuzlab namoyishchilar poytaxt Uagadugudagi parlament binosini egallab oldi va mamlakatda “qora bahor” boshlanganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “Kun” Agence France-Presse axborot agentligiga tayanib.
Politsiya ommaviy tartibsizliklar oldini olish maqsadida namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan, mitingning bir qator ishtirokchilari hibsga olingan. Biroq 1,5 ming namoyishchi politsiya jonli devorini yorib o‘tib, parlament binosiga bostirib kirgan. Ular bino ichida qog‘ozlarni yoqish va kompyuter qurilmalarini o‘g‘irlashga kirishgan. Tashqarida qolganlar esa bino atrofidagi mashinalarni yoqib yuborishni boshlagan.
“Yaqin Sharqda ‘arab bahori’ kuzatilgan bo‘lsa, 30-oktabr kuni Burkina-Fasoda ‘qora bahor’ e’lon qilindi”, — dedi norozilik harakati vakili Emil Pargi Par.
Reuters’ning xabar berishicha, namoyishchilar Burkina-Faso televideniyesi binosini ham egallab olgan, telekanallar namoyishi to‘xtatilgan.
Uagadugudagi ommaviy namoyishlar 28-oktabr kuni boshlangan edi. Minglab odamlar 1987-yilgi harbiy to‘ntarish natijasida hokimiyat tepasiga kelgan prezident Kompaorening vakolat muddatlari uzaytirilishiga qarshi ko‘chalarga chiqdi.
Mamlakat konstitutsiyasiga asosan, amaldagi davlat rahbari faqat bir marta qayta saylanishi mumkin. 1991-yil Burkina-Faso prezidenti etib saylangan Kompaore esa ikkinchi besh yillik muddatni yakunlamoqda, bungacha u ikki marta yetti yillik muddatga saylangan edi.
30-oktabr kuni mamlakat parlamenti amaldagi prezidentga saylovlarda yana bir bor ishtirok etish huquqini beradigan o‘zgartirishlarni konstitutsiyaga kiritish masalasida yig‘ilish o‘tkazishi kerak edi, deb yozmoqda Afriki Presse.
Izoh (0)