“Titanik” kemasining birinchi klassidagi yo‘lovchilar ovqatlangan restoran menyusi kimoshdi savdosida 60 ming funt sterling (96,5 ming AQSh dollari) ga sotildi. Bu haqda Angliyaning janubidagi Uiltshir grafligida joylashgan Henry Aldridge & Son auksion uyida savdolarni o‘tkazgan vakillarga tayanib “TASS” xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, menyuda 12-aprel sanasi qayd etilgan. Unda o‘sha kuni yo‘lovchilarga taklif qilingan taomlar sanab o‘tilgan, bular to‘qmoqlab tayyorlangan qo‘y go‘shti, cho‘chqa go‘shtli ingliz piroglari, tapiokali puding — tropik o‘simlik ildizidan tayyorlanuvchi kraxmal bo‘tqa.
Menyu fransiyalik ayol Eliza Lyurett paltosining cho‘ntagida bo‘lgan. Ayol “Titanik”da amerikalik boy oila — Spenserlarning oqsochi sifatida sayohat qilgan.
Auksionga Eliza Lyurett vorislari oilasida saqlanib qolgan paroxoddagi buyumlarning butun kolleksiyasi qo‘yildi. Lyurett va uning bekasi qutqaruv shlyupkalariga yo‘l topishiga yordam bergan birinchi klass palubasining rejasi 33 ming funt sterling (53 ming AQSh dollari) ga sotildi.
Layner jamoasi a’zolaridan birining buyumlarni saqlash qutichasiga tegishli kichkina kalit kimoshdi savdoda 62 ming funt sterling (100 ming AQSh dollari) ga sotildi. Mazkur kalit “Titanik”ning halok bo‘lgan ofitsianti Sidni Sidyuneriga tegishli bo‘lgan.
Muhandis Jozef Bellning xati 24 ming funt sterling (39 ming AQSh dollari) ga sotildi.
Savdoga “Titanik” bilan bog‘liq jami 250 ta buyum qo‘yildi.
“Mazkur auksionga qo‘yilgan ba’zi buyumlar juda ham noyob edi, — deb ta’kidladi auksion uyining egasi Endryu Oldridj. – Bu Buyuk Britaniya, shuningdek, Monako, Janubiy Amerika va AQShdan kelgan kishilarda katta qiziqish uyg‘otdi”.
Izoh (0)