Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov poygalarda g‘olib bo‘lgan otlariga qarshi sanksiyalar qo‘llagan Germaniya vakillarini hazil bilan tanqid qildi, deb xabar bermoqda Gazeta.ru.
“Hukumat va bundestagdagi uzoq muhokamalar, prezident va kansler o‘rtasidagi maslahatlashuvlardan so‘ng ular Zazuni halol mehnati va tezkor harakatlari evaziga ishlab topgan mukofot pullaridan mahrum qildilar, shuningdek, erkin harakatlanish imkonini chekladilar. Dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan voqealarga Zazu aybdorga o‘xshaydi. Iroq, Suriya, Liviya va Afg‘onistonda urush boshlash, Belgradni bombardimon qilish haqida u qaror qilgan ekan. Shuning uchun nemis siyosatchilari o‘zlarining o‘tgan asrdagi sharmandali harakatlarini jonivorga yukladi. Zazu tinch yashab, suli yeb, chopib yugurishni va odamlarga shodlik ulashishini istaydi xolos”, − deb yozdi Qodirov Instagram’da.
Shuningdek, u tulporlarga yetkazilgan ma’naviy zarar va ularning diskriminatsiya qilingani uchun kompensatsiya undirishga amin ekanligini ta’kidlagan.
Avvalroq, Ramzan Qodirovga Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar qo‘yilgani uchun uning Zazu va Tezkor Finish laqabli otlariga Germaniyadagi poygalardagi g‘alabasi uchun mukofot pullarini to‘lashdan bosh torilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)