Toshkent hayvonot bog‘ida erkak qo‘tos halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Kun” bog‘ saytiga tayanib.
Xabar berishlaricha, jonivor ovqatlanishni to‘xtatib qo‘ygan. Dastlabki tashxislar va davolashga qilingan sa’y-harakatlarga qaramay, jonivorning ahvoli bir necha kun ichida keskin og‘irlashgan va oxir-oqibat o‘lgan.
Jonivor yorib ko‘rilganida, uning oshqozonidan turli predmetlar — polietilen plyonkalar birikmasi, plastmassa idishlarning qopqoqlari, uzunligi 12 santimetr bo‘lgan qattiq elektr simi va boshqalar chiqqan.
Hayvonot bog‘i veterinarlarining xulosasiga ko‘ra, qo‘tos oshqozoniga begona jism tushishi sabab yuzaga kelgan oshqozon buzilishi natijasida yuz bergan asfiksiya va miokard infartidan halok bo‘lgan.
“Xuddi shu sabab bilan Toshkent hayvonot bog‘ida shu kungacha jayronlar, lamalar, tuyalar, tuyaqushlar halok bo‘ldi. Baxtimizga, ba’zi jonivorlar — tuyaqush, begemot va boshqa ko‘plab hayvonlarni qutqarib qolish uddasidan chiqildi”, — deyiladi bog‘ saytidagi xabarda.
Qayd etilishicha, hayvonot bog‘i ma’muriyatining jonivorlarni ovqatlantirmaslik, ularning qafaslariga turli predmetlarni uloqtirmaslik haqidagi iltimoslari va ogohlantirishlariga qaramay, jonivorlar bilan bog‘liq noxush hodisalar ro‘y berishda davom etmoqda.
Izoh (0)