Joriy yilning 1—15-oktabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan FIDE Gran-Prisining birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Dunyoning 12 nafar yetakchi shaxmat ustalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan musobaqada o‘zbekistonlik Rustam Qosimjonov ham g‘oliblik uchun dona surdi.
Rustam Qosimjonov o‘tkazilgan 11 partiyaning bittasida g‘alaba qozonib, sakkiz uchrashuvda durang natijani qayd etdi. 9—10-turlarda mag‘lubiyat alamini tortgan Qosimjonov yakunda 11 imkoniyatdan besh ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 10-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.
Birinchi bosqich musobaqalarining yakunlariga ko‘ra, 11 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg‘argan italiyalik grossmeyster Fabiano Karuana birinchi o‘rinni egalladi. Xuddi shuncha ochkoga ega bo‘lgan Boris Gelfand (Isroil) ikkinchi, rossiyalik Sergey Karyakin olti ochko bilan uchinchi o‘rinni band etdi.
Erkaklar o‘rtasida FIDE Gran-Prisining ikkinchi bosqich musobaqalari shu yilning 20-oktabr — 3-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Musobaqalar 21—24, 26—29-oktabr, shuningdek, 31-oktabr — 2-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 25- hamda 30-oktabr dam olish kunlari sifatida belgilangan.
Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Gran-Pri turnirida quyidagi shaxmat ustalari bahs olib boradi:
- Fabiano Karuana (Italiya, 2801)
- Xikaru Nakamura (AQSh, 2782)
- Sergey Karyakin (Rossiya, 2777)
- Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya, 2768)
- Anish Giri (Gollandiya, 2758)
- Lenyer Dominges (Kuba, 2756)
- Shaxriyar Mamedyarov (Ozarbayjon, 2756)
- Boris Gelfand (Isroil, 2748)
- Dmitriy Yakovenko (Rossiya, 2747)
- Dmitriy Andreykin (Rossiya, 2722)
- Teymur Rajabov (Ozarbayjon, 2717)
- Rustam Qosimjonov (O‘zbekiston, 2706)
Izoh (0)