Ertaga, 10-oktabr kuni Minskda Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo davlatlar prezidentlari tashkilotning faoliyatiga yakun yasash to‘g‘risida shartnoma imzolaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Segodnya”.
“Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YevrAzES) Davlatlararo kengashining yakuniy yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda tashkilotning besh a’zo-davlatlari prezidentlari qatnashadi. Minskdagi uchrashuv so‘nggisi bo‘ladi. 2015-yil 1-yanvardan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ishga tushirilishi munosabati bilan YevrAzES faoliyati tugatilmoqda”, − dedi Ushakov. Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha tashkilot kotibiyati faoliyat ko‘rsatib turadi, 2015-yildan boshlab esa butunlay tugatiladi.
Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati 2000-yilda tuzilgan bo‘lib, hozirda Belorussiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston tashkilot a’zolari hisoblanadi (O‘zbekiston 2006-yilda YevrAzESga kirib, 2008-yilda a’zoligini to‘xtatgan). Tashkilotga 2011-yildan buyon Rossiya Federatsiyasi raislik qiladi.
Izoh (0)