Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzolaganini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Bugun men Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Federal qonunni imzoladim. Bu bizning yaqin hamkorlarimiz va ittifoqdoshlarimiz bilan birlashish borasidagi ishlarimizning muhim bosqichidir”, — dedi Putin hukumat a’zolari bilan juma kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Rossiya, Belorussiya va Qozog‘istonning Bojxona ittifoqi hamda Yagona iqtisodiy makondan keyingi birlashish bosqichiga o‘tish borasidagi kelishuvlarini muhrlagan hujjat mazkur uch davlat prezidentlari tomonidan may oyida imzolangan. Shu tariqa, MDH hududida 170 million kishi uchun yirik umumiy bozorni shakllantirish ishlari nihoyasiga yetayotgan bo‘lib, u iqtisodiy rivojlanishning yangi kuchli markaziga aylanadi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitimni deyarli bir ovozdan ratifikatsiya qilgani xabar qilingan.
Bitimning kuchga kirishi ittifoqning 2015-yildan boshlanadigan faoliyatini ta’minlashga va ichki savdo-iqtisodiy hamda kooperativ aloqalar rivojlanishini ishga tushirishga, milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini va ittifoq mamlakatlarining jahon xo‘jalik tizimidagi rolini oshirishga xizmat qiladi.
Bitimning Minskda oktabr oyida o‘tkaziladigan yuqorida nomlari keltirilgan uch mamlakat yetakchilari uchrashuvidan avval Qozog‘iston va Belorussiya tomonidan ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.
Rossiya rahbari payshanba kuni “Rossiya zovyot!” anjumanida nutq so‘zlab, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga Armanistonning qo‘shilishi jarayoni nihoyasiga yetayotgani hamda Qirg‘iziston bilan bu borada muzokara olib borilayotganini ma’lum qildi. Ittifoqqa Qirg‘iziston va Armanistonni qabul qilish masalasi 10-oktabr kuni Minskda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda hal qilinishi rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)