Shvetsiya Bosh vaziri Stefan Leven Falastin davlatini tan olish istagi borligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi. Agar rasmiy Stokgolm bu qadamni qo‘ysa, Shvetsiya Falastinni tan olgan Yevropa Ittifoqining ilk a’zosi bo‘ladi.
Parlamentdagi chiqishi davomida Leven Yaqin Sharqdagi muammoni faqatgina Falastin hududida ikki davlat mavjudligini tan olibgina hal qilish mumkinligini aytib o‘tgan. Masalaning ikki tomonlama hal bo‘lishi uchun o‘zaro tan olish va birgalikda tinch yashash uchun siyosiy xohish zarurligini ta’kidlagan.
Shvetsiya tashqi siyosatidagi bunday keskin o‘zgarishlar parlament saylovlarida o’ng-markaziy kuchlarning mag‘lubiyati natijasida bo‘layotgani aytilmoqda. Ular ustidan g‘alabani “qizil-yashillar koalitsiyasi” qo‘lga kiritgan, ko‘pchilikni esa 43,8 foiz ovoz bilan Sotsial-demokratlar partiyasi tashkil qilgan. Yangi Bosh vazir Leven – kasaba uyushmalari yetakchisi, sobiq elektr payvandchisi bo‘lib, 2012-yildagina sotsial-demokratlar yetakchisiga aylangan edi.
Izoh (0)