1-oktabr kuni, Qurbon hayiti arafasida Islom Karimov Toshkentda qurib bitkazilgan “Minor” masjidiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Davlat rahbari muhtasham majmuani va uning atrofida olib borilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
“Islom Karimov masjidning ichki va tashqi ko‘rinishi, bahavo ayvonlari, milliy o‘ymakorlik uslubida ishlangan ustunlar, bino qubbasidagi oltin suvi bilan ziynatlangan naqshlarni ko‘zdan kechirib, qo‘li gul ustalarning mehnatiga munosib baho berdi, — deyiladi xabarda. — Ayni vaqtda nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamizda yagona, betakror bo‘lgan ushbu dinu diyonat maskani har jihatdan mukammal bo‘lishi, bu yerga toat-ibodat niyatida keladigan mo‘min-musulmonlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish bo‘yicha quruvchi va mutaxassislarga zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berdi”.
Eslatib o‘tamiz, Islom Karimov shu yilning 18-iyul kuni bu maskanda bo‘lib, qurilish ishlari bilan tanishgan edi. Prezident bu yerda mohir quruvchi, muhandis va ustalarning faoliyati bilan tanishar ekan, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida fikr bildirib, majmuani yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar bergan edi.
Izoh (0)