27-sentabr, shanba kuni tongda Yaponiya poytaxti Tokiodan 200 kilometr va yirik markaziy shahar Nagoyadan 100 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Ontake vulqoni otila boshladi. Ko‘p vaqt otmay, kul va yer qatlami bo‘laklari yog‘ilishi ehtimoli borligi e’lon qilindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Yaponiya bosh meteorologiya agentligi xavf darajasining besh balli shkalasi bo‘yicha uchinchi darajani qayd etdi. Bu vulqon etagiga yaqinlashish va toqqa ko‘tarilishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.
Ma’lum qilinishicha, tutun vulqon og‘zidan bir necha kilometrgacha balandlikka ko‘tarilgan. Biroq hozircha mazkur mintaqada vulqon harakatga kelgani uchun parvozlar taqiqlangani haqida xabar berilmadi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa voqea sodir bo‘lgan joydan olingan ko‘plab surat va videolarni internetga joylamoqda.
Ma’lumot uchun, Yaponiyaning Nagano prefekturasidagi mazkur vulqon so‘nggi bor 2007-yilda otilgan.
Izoh (0)