O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligi bayrami kunida “Jizzax” maxsus industrial zonasi tasarrufidagi yirik sanoat quvvati — “Quyosh issiqlik energiyasi” O’zbekiston — Xitoy qo’shma korxonasi ishga tushdi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi rasmiy axborot portali xabar bermoqda.
Korxonaning ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari R.Kenjayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013-yil martda imzolangan “Jizzax maxsus industrial zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaror ijrosi bo‘yicha bugungacha amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatdagi katta hududda 20 dan ziyod sanoat korxonalarini ishga tushirish ishlari yakuniy bosqichga chiqib borayotganini ta’kidlab, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi mazkur hamkorlik aloqalarining o‘zaro mos va uyg‘un jihatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xitoyning Hangzhou Zhongwei Electronic Meters Co Ltd. kompaniyasi hamda “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” Ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Elektron hisoblagich” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischiligida tashkil etilgan, yiliga 15 mingta quyosh kollektorlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Quyosh issiqlik energiyasi” qo‘shma korxonasi har jihatdan zamonaviydir.
Birinchidan, bu yerda ishlab chiqarilgan aktiv va passiv kollektor jamlanmalari tiklanmaydigan energiya resurslarini tejaydi. Ikkinchi, eng muhim tomoni esa iste’molchi uchun sifatli va me’yordagi issiq suvni yetkazib beruvchi bunday texnologiya oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda o‘ziga xos qator qulayliklarga ega.
Izoh (0)