Ukraina Xavsizlik xizmati rahbari Valentin Nalivaychenko Rossiyani yuborilgan gumanitar yuk avtomobillari orqali Ukrainaga bostirib kirishda ayblamoqda. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Nalivaychenkoning ta’kidlashicha, 30 dan ziyod yuk avtomobillari Qizil xoch panasida Ukraina hududiga qarab “noqonuniy tarzda yo‘lga chiqqan”.
Shuningdek, Ukraina Xavsizlik xizmati rahbari rossiyalik “KamAZ”larni “pana qiluvchi hujjatlarga ega harbiy avtomobillar”, deb atadi.
Bundan avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaga jo‘natiladigan gumanitar yordam Lugansk tomon yo‘lga chiqqanini ma’lum qilgan edi. Ukraina hukumat organlari Rossiya kolonnasining harakatni Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi vakillarisiz va Ukraina roziligisiz boshlaganini aytgan edi.
Biroq keyinroq Ukraina Davlat chegara xizmati 34 gumanitar yordam avtokollonnasi Ukraina tomonidan tegishli tarzda rasmiylashtirilganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun oldin Ukrainada mamlakat sharqi uchun to‘plangan birinchi gumanitar yordam kolonnasi Lugansk ostonasiga yetib kelib, Qizil xoch vakillari 800 tonna yukni qabul qilib olganliklarini tasdiqlagan.
Izoh (0)