18-avgust kuni Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilayotgan II o‘smirlar Olimpiada o‘yinlari doirasida 1000 metr masofaga akademik eshkak eshish musobaqalarida yarim finalga chiqqan Shahboz Abdujabborov va Yulduz Kulgavaya bugun final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda ham munosib ishtirok etib, keyingi bosqichga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ta’kidlash joizki, 20-avgust kuni o‘tkaziladigan final bosqichi musobaqasida olimpiada o‘yinlarining medallari o‘ynalmaydi.
20-avgust kuni, shuningdek, stol tennisi bo‘yicha mikst (o‘smir – qiz) musobaqalariga qur’a tashlanadi. Stol tennisining yakkalik bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Regina Kim mikst musobaqalarida ham qatnashadi.
Bundan tashqari, dzyudo kurashi bo‘yicha shaxsiy musobaqalarda bronza medalga sazovor bo‘lgan Suhrob Tursunov jamoaviy bahslarda ham ishtirok etadi.
19-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston nomini himoya qilayotgan 27 nafar sportchi musobaqalarni davom ettirmoqda. Hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida ikkita bronza medal mavjud bo‘lib, u umumjamoa (norasmiy) hisobi bilan 204 davlat orasida 35-o‘rinda boryapti.
Xabar berilganidek, medallarni qo‘lga kiritish borasida ayni daqiqalarga kelib, Xitoy sportchilari peshqadamlik qilmoqda. Ularning hisobida to‘rtta oltin, bitta kumush va beshta bronza medal mavjud. Kuchli uchlikdan, shuningdek, Rossiya (4-1-2) va Vengriya (4-0-2) delegatsiyalari o‘rin olgan.
Izoh (0)