AQSh politsiyasi Fergyuson shahridagi namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va tutun hosil qiladigan shashkalar qo‘llaganini tasdiqladi, deya xabar berdi NBC News telekanali.
Avvalroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari faqat tutun hosil qiluvchi shashkalardan foydalanganini aytgan edi. Shu bilan birga, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar bo‘layotgan tumanda otishmalar eshitilgan.
16-avgust kuni Fergyusonda Missuri shtati gubernatori Jey Nikson qarori bilan favqulodda holat e’lon qilindi va komendant soati (harbiy yoki qamal sharoitida ko‘chalarda ruxsatsiz yurish man qilingan soatlar) joriy etildi.
Ushbu chora-tadbirlar politsiyachilar tomonidan 18-yoshli qora tanli o‘spirin Maykl Braun o‘ldirilganidan so‘ng shaharda boshlanib ketgan va bir haftadan buyon davom etayotgan tartibsizliklar yuzasidan ko‘rilmoqda.
Politsiyachilar ta’kidlashicha, yigitcha mashinada bo‘lib o‘tgan jangda o‘q tegishi natijasida bir nechta jarohat olgan. Biroq guvohlar Braunning qurollanmagan bo‘lgani va qo‘llarini tepaga ko‘tarib turgan paytida otib tashlanganini aytmoqda. 14-avgust kuni AQSh prezidenti Barak Obama o‘spirinning o‘limi bo‘yicha tergov ishlari olib borish talabi bilan chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, politsiya tomonidan qora tanli o‘smirning otib o‘ldirilishi mamlakatdagi 90 ta shaharda payshanba va juma kunlari e’tiroz namoyishlari o‘tkazilishiga olib keldi.
Bir necha ming aholi Nyu-York ko‘chalariga ham e’tiroz bilan chiqdi. Namoyish qatnashchilari markaziy ko‘chalardan qo‘llarini yuqoriga ko‘targan holda “Qo‘llar tepaga! Otmang!” degan so‘zlar bilan baqirib o‘tdi.
Los-Anjeles, San-Diyego, Atlanta, Sietl, Mayami, Filadelfiya va Vashingtonda ham shunga o‘xshash norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)