Norvegiyaning Tromse shahrida o‘tayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi uchinchi turda braziliyalik shaxmat ustalari bilan bahs yuritib 3,5:0,5 hisobida zafar quchdi. Ushbu bahsda Anton Filippov, Marat Jumayev va Jahongir Vohidovlar raqiblarini mag‘lub etgan bo‘lsa, Rustam Qosimjonov durangga imzo chekdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
E’tiborlisi, erkaklar terma jamoasi shu kunga qadar o‘tkazilgan uch turning barchasida g‘alaba qozonib, yuz foizlik natija bilan zafarli odimlashda davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, birinchi turda, Kipr intellektuallaridan 3,5:0,5 hisobida ustun kelgan o‘zbekistonlik sportchilar ikkinchi turda Daniya terma jamoasini 2,5:1,5 hisobi bilan mag‘lub etdi. Bugun ular Germaniya termasiga qarshi dona suradi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa uchinchi turda Serbiya termasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Sarvinoz Qurbonboyeva va Mohinur Qahramonovalar durang natijani qayd etgan bo‘lsa, Sevara Boymurodova va Olga Sobirova mag‘lubiyatga uchradi. Bugun O‘zbekistonning ayollar terma jamoasi Shotlandiya termasi bilan kuch sinashadi.
Izoh (0)