O‘n kun avval Toshkent hayvonot bog‘ida tashrifchi otgan plastik buyumni yutib yuborib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan tuyaqushning ahvoli yaxshi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.
26-iyul, shanba kuni bog‘ning nashrga ma’lum qilishicha, xususiy klinika veterinar shifokorlari jonivorni ko‘rikdan otkazish uchun kelgan. Tuyaqushda ichagiga biror narsa tiqilib qolganidan darak beruvchi tashqi alomatlar kuzatilmagan. U yaxshi ishtaha va faollikka ega.
Biroq hayvonot bogi ma’muriyati xulosa chiqarishga shoshilmayapti. “Bundan ancha avval tuyaqush barglarni yutib yuborib, operatsiya qilinganiga ham qaramay, ikki haftadan so‘ng vafot etgan edi”, — dedi muassasa vakillari.
Eslatib o‘tamiz, 19-iyul, shanba kuni Toshkent hayvonot bog‘i xodimlarining ko‘z o‘ngida 13 yoshli o‘smir bola tuyaqushlar qafasiga plastik stakan tashladi. Xodimlar chora ko‘rishga ulgurmay, tuyaqushlardan biri stakanni yutib yubordi.
Muassasa mutaxassislarining aytishicha, bunday holatlarda erimaydigan buyumlar (hatto polietilinning bo‘laklari) hayvon ichagiga tiqilib qoladi. Bir necha kun o‘tib, tuyaqushning ishtahasi yo‘qoladi. Bir haftadan so‘ng esa o‘rnidan tura olmaydigan darajada holsizlanib, oxiri ochlikdan halok bo‘ladi.
Izoh (0)