AQSh prezidenti Barak Obamaning korteji tufayli Los-Anjelasda homilador ayol tug‘ruqxonaga yetib olish uchun yarim soat kutib o‘tirdi. Bu haqda AQSh va Britaniya gazetalariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Dardi tuta boshlagan ayol Cedars-Sinai tibbiy markaziga yo‘l olgan, biroq Obamaning korteji o‘tishi uchun yo‘llar to‘sib qo‘yilganidan ko‘chani kesib o‘ta olmagan va avtobus bekatida yarim soatcha kutib qolgan.
Voqea guvohlaridan biri o‘sha paytdayoq Twitter’ga bu haqda yozgan va dalil sifatida bekatdagi homilador ayol suratini ilova qilgan. “Bu ayolning dardi tutgan, biroq Obamani deb Cedars’ga bora olmayapti”, — deb yozgan u.
https://twitter.com/CarrieClifford/statuses/492091246806974464
Blaze nashrining xabariga ko‘ra, Twitter’da #ObamaBabyWatch heshteglari paydo bo‘lgan. Foydalanuvchilar bunday heshteg ostida hodisa haqidagi yangiliklarga linklar qo‘ygan va Obamaga nisbatan norozilik bildirgan.
Daily Mail yozishicha, Los-Anjeles politsiyasi vakili Obama tufayli tug‘ruqxonaga yetib bora olmagan homilador ayol haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. U politsiyachilar ayolda dard boshlanganidan bexabar bo‘lganini bildirgan.
Keyinroq ayolning shifoxonaga yetib borib, eson-emon tug‘ib olgani xabar qilindi.
Izoh (0)