O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi uchun ikkita Boeing-787-800 Dreamliner samolyotlari 2016-yil iyun va avgustida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 11-iyuldagi qarorida aytiladi, deb yozadi Gazeta.uz.
Hujjat orqali ikkala “Orzu laynerlari” va zaxira dvigatelini sotib olishni moliyalashtirish (umumiy narxi 246,4 million AQSh dollari) hamda ushbu loyiha uchun O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan kreditlarni uzish (123,2 million dollar) grafiklari tasdiqlandi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” xususiy mablag‘lari tomonidan yopiladi.
Sotib olinayotgan havo kemalari narxining 40 foizini moliyalashtirish uchun xorijiy banklar kreditlarini jalb qilish rejalashtirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, milliy aviatashuvchi Boeing kompaniyasiga 3,86 million dollar miqdorida avans to‘lovlarini qisman amalga oshirgan.
Yangi samolyotlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlari parkini yangilash loyihasi doirasida sotib olinmoqda. 2012-yil yozida Dreamliner Dream Tour jahon taqdimot turi doirasida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan samolyot konstruksiyasining tarkibiy qismlarini ta’mirlash bo‘yicha markaz yaratiladi. Ushbu markaz Boeing-787 Dreamliner yangi avlod aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)