Joriy yilning iyun oyida Toshkent shahri va bir qator hududlarda shakar mahsuloti tanqisligi kuzatilib, oqibatda ba’zi savdo do‘konlarida shakar mahsuloti chakana narxlarining asossiz oshishi kelib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yozishicha, shakar mahsuloti “sun’iy taqchilligi”ning kelib chiqishiga asosiy sabab oddiy olibsotarlik, shu jumladan ushbu mahsulot bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan ulgurji vositachilar hamda chakana savdo do‘konlari o‘rtasida o‘zaro til biriktirish, kelishib harakat qilish holatlari ham ehtimoldan xoli emasligidir.
“Yuzaga kelgan bu vaziyatdan ba’zi noinsof iste’molchilar chayqovchilik maqsadlarida foydalanmoqda, ya’ni ular yirik savdo do‘konlaridan ko‘p miqdorlarda shakar mahsulotni sotib olib, so‘ngra uni yuqori baholarda qayta sotmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil ishlari ko‘rsatishicha, bugungi kunda mamlakatimizda shakar mahsuloti taqchilligini keltirib chiqaradigan hech qanday obyektiv va subyektiv sabablar va omillar yo‘q.
Ya’ni, joriy yilning 1-yarim yilligida shakar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 14,7 foizga oshgan bo‘lsa, birja savdolari orqali sotilayotgan shakarning miqdori esa rejalashtirilgan hajmdan deyarli 4,7 foizga ko‘p bo‘lgan.Bu ko‘rsatkich, aholi iste’mol qiladigan va sanoat ehtiyoji uchun ishlatiladigan shakar mahsulotining o‘sish tendensiyasiga to‘liq mos keladi.
Ta’kidlash joizki, shakar mahsulotiga bo‘lgan ichki talabni mahalliy mahsulot hisobiga qondirish maqsadida, joriy yilning uchinchi choragida “Angren” maxsus industrial zonasida yillik ishlab chiqarish quvvati 300 ming tonnaga mo‘ljallangan shakar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, shakar mahsuloti bozorida barqarorlikni ta’minlash, yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish va iste’molchilar o‘rtasida shov-shuvlarga barham berish maqsadida, hukumat tomonidan chakana savdo do‘konlarida sotilayotgan shakar mahsulotining maksimal narxi 1 kg uchun 3200 so‘mdan oshmasligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, qo‘mita iste’molchilarning diqqatiga joriy yilning iyul oyi mobaynida savdo do‘konlariga qo‘shimcha tarzda yana 12 ming tonna shakar ajratilishi hamda iyul oyida birja savdolari orqali sotish mo‘ljallangan shakar 20 iyulgacha to‘’liq savdoga qo‘yilishini ma’lum qildi.
“Shunday qilib, bugungi kunda mevalarni konservatsiya qilish mavsumini hisobga olgan holda, shakar mahsulotiga bo‘lgan talabni to‘liq qoplash imkoniyati mavjud”, — deyiladi xabarda.
Yuqorida keltirilganlarni inobatga olgan holda, Davlat raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni asossiz shov-shuvlarga e’tibor bermasdan, zarur hajmlarda shakar mahsulotini sotib olishga chaqiradi.
Shu bilan birga, Qo‘mita zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida, mamlakatimizda shakar mahsulotining “sun’iy tanqisligi”ni keltirib chiqaruvchi sabablarni o‘rganish, unga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, shakar mahsuloti bilan savdo qiluvchi ulgurji va chakana bo‘g‘inlar faoliyatini o‘rganish ishlari boshlanganligi haqida ma’lum qildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, shakar mahsuloti bozori ishtirokchilari o‘rtasida kelishuvlar yoki kelishib qilingan harakatlar aniqlanganda, Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan monopoliyaga qarshi ishlar qo‘zg‘atilib, qonunchilik talablariga asosan ularga nisbatan huquqiy choralar qo‘llaniladi.
Izoh (0)